Yangi veb-saytimizga xush kelibsiz! Eski sayt •
Logo

D.I.MENDELEYEV NOMIDAGI ROSSIYA KIMYO-TEXNOLOGIYA UNIVERSITETINING Toshkent shahridagi filiali

Samarqandda rektorlar ishtirokida oliy ta’lim tizimini o‘zgartirish masalalari muhokama qilindi

Mar 16, 2026
409 ko'rishlar

2026-yil 15-mart kuni Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida respublika oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini tubdan o‘zgartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama qilindi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Ilhom Sirojev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ishtirok etdi. Farmon loyihasining strategik ahamiyati, uning oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini tubdan yangilashdagi o‘rni, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishdagi ahamiyati, ayniqsa, alohida ta’kidlandi. Shuningdek, mazkur hujjatda oliy ta’lim muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va innovatsion yondashuvlarni keng joriy etishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berilgani alohida ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Baxtiyor Yo‘ldoshev, shuningdek, vazirning birinchi o‘rinbosari Sardor Radjabovlar Farmon loyihasining asosiy yo‘nalishlari, uni amalga oshirish mexanizmlari va kutilayotgan natijalar haqida batafsil ma’ruza qildi. Taqdimotda universitet boshqaruvini takomillashtirish, ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida baholash tizimini rivojlantirish, shuningdek, ilm-fan, innovatsiyalar va ishlab chiqarishning yaqin integratsiyasini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muhokamalar konstruktiv ruhda o‘tdi. Rektorlar qaror loyihasida nazarda tutilgan islohotlarni hayotga tatbiq etish, oliy ta’lim muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish, ilmiy salohiyatni mustahkamlash va universitetlarning xalqaro raqobatbardoshligini mustahkamlash yuzasidan qator taklif va fikr-mulohazalar bildirdi. Kiritilgan takliflar farmon loyihasini yanada takomillashtirish va amaliy samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.